Ikki kunda elektr energiyasidan behuda foydalanish bo‘yicha 2 300dan ortiq holat aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya va Bosh prokuratura hamkorligida elektr energiyasidan nooqilona foydalanishni oldini olish maqsadida iste’molchilarga tegishli tartibda profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilda iste’molchilarni elektr energiyasidan behuda, ya’ni kunning yorug‘ davrlarida yoritish chiroqlaridan foydanish kabi 2 356ta holat aniqlandi. Oxirgi ikki kunda Toshkentda o‘tkazilgan reydlarda jami 264ta bu kabi holat kuzatilgan.

442ta holat bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan iste’molchining mansabdor shaxslariga ma’muriy bayonnoma, 5ta korxonaga moliyaviy sanksiya qo‘llash yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirildi.

O‘tkazilgan tadbirlarda elektr energiyasi iste’moli quvvati 314,2 kVt bo‘lgan elektr qurilmalarining behuda sarflanishi oldi olindi. Behuda sarflangan elektr energiyasi 25ta xonadonning bir oylik o‘rtacha iste’moliga teng bo‘lgan.

Toshkentda energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. Kunduz kuni elektr energiyasidan asossiz foydalangan tadbirkorlarga isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirishlar berildi.

“Elektrdan samarasiz foydalanish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzildi. Ularni rasmiylashtirishdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar esa tarmoqdan ajratildi”, — deydi Chilonzor tumani prokurori katta yordamchisi Jahongir Jabborov.

Mirobodda chiroq va reklama vositalarida elektrdan asossiz foydalangan tadbirkorlarga nisbatan 10ta ma’muriy bayonnoma tuzilib, 22,2 kVt energoresurslar tejalgan. Yunusobodda ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari o‘rganilib, aholiga “qish mavsumida elektr energiyasidan oqilona foydalanish” bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Joriy yilning avgust oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan. Elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz foydalanish uchun jarima miqdori elektr narxining 50%ini tashkil etadi.

Noyabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov havo sovushi tufayli gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshganini ma’lum qilgandi. Uning qayd etishicha, havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan holatlar uchun harakat rejasi ishlab chiqilgan.

Avvalroq qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishdagi sustkashliklar, shuningdek, rejaga amal qilmagani va talon-torojga yo‘l qo‘ygani uchun bir qator rahbarlarga “hayfsan” berilgandi.