Janubiy Koreyada noqonuniy yurgan fuqarolar uchun mamlakatdan qonuniy chiqib ketish muddati uzaytirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentligining Seuldagi vakolatxonasi va Koreya Adliya vazirligi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda bu bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi.

Unga ko‘ra, mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolar “yashil yo‘lak” loyihasi orqali 2025-yilning 31-yanvarigacha erkin chiqib ketishi mumkin. Avvalroq loyiha 30-noyabr kuni tugashi kerak edi.

Koreyada noqonuniy ishlab, yashab yurgan shaxslar muddatidan kelib chiqib, quyidagi miqdorlarda jarima to‘laydi:

  • 1 oydan kam bo‘lsa — 1 mln von ($712,5);
  • 1 oydan 3 oygacha — 1,5 mln ($1 069);
  • 3 oydan 6 oygacha — 2 mln ($1 425);
  • 6 oydan 1 yilgacha — 4 mln ($2 850);
  • 1 yildan 2 yilgacha — 7 mln ($4 987);
  • 2 yildan 3 yilgacha — 10 mln ($7 125);
  • 3 yildan 5 yilgacha — 20 mln ($14 250);
  • 5 yildan 7 yilgacha — 25 mln ($17 813);
  • 7 yildan ko‘p bo‘lsa — 30 mln ($21 375).

Ko‘rsatilgan muddat ichida Koreyani ixtiyoriy tark etgan fuqarolar mazkur jarimalardan ozod etiladi hamda keyinchalik Koreyaga qayta kirishi yengillashadi.

Bu muddat tugaganidan so‘ng ham fuqarolar mamlakatda qoladigan bo‘lsa, Migratsiya agentligi tomonidan shartnoma talablariga muvofiq fuqaro yoki uning kafiliga nisbatan har bir oyi uchun $2000 miqdorida jarima, Koreya tomonidan esa qayta kirishga taqiq qo‘llaniladi.

Migratsiya agentligi Koreyada faoliyat yuritayotgan fuqarolardan bu davlatning qonunchiligini buzmaslikni, ularning urf-odatlarini hurmat qilishlarini va noqonuniy yurgan yurtdoshlani yuqorida ko‘rsatilgan muddat ichida O‘zbekistonga qaytishlarini so‘ramoqda.

Batafsil ma’lumotlarni Koreya Adliya vazirligi saytidan yoki agentlikning Seuldagi vakolatxonasi 02−2285−1341 (Asilbek Abdumutalov, Saida Adhamova) orqali olish mumkin.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasiga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etilib, malakali mutaxassislar tayyorlanadi.