Ozon UzPost bilan buyurtmalarni yetkazib berishda hamkorlik boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda “Spot"ga Rossiya marketpleysining matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonlik xaridorlar platformada rasmiylashtirilgan buyurtmalarni mamlakatdagi 685ta pochta bo‘limlaridan birida olishlari mumkin. Buning uchun buyurtmani sayt yoki ilova orqali rasmiylashtirishda olish nuqtasini tanlash taklif etiladi.
Rossiyadan yetkazib berish bepul va taxminan ikki hafta davom etadi. Hozirda “UzPost” orqali 10ta shahar — Toshkent, Namangan, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Nukus, Qo‘qon, Buxoro, Qarshi va Marg‘ilonda buyurtmalarni qabul qilib olish mumkin.
“Endi yuzlab shaharlarda, shu jumladan, mamlakatning chekka hududlarida yashovchi aholi uylariga yaqin nuqtada “Ozon"dan buyurtmalarini qabul qilib olishlari mumkin. Biz xaridorlarimiz geografik va boshqa cheklovlarsiz xaridlardan bahramand bo‘lishlariga intilamiz va “UzPost” bilan hamkorlik bu yo‘ldagi muhim qadamdir”, — dedi “Ozon"ning O‘zbekistondagi rahbari Jamshid Zohidov.
Kelgusida “Ozon” mahsulotlari yetkazib beriladigan “UzPost” bo‘limlari sonini 1 600taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu buyurtmalarni tarqatish nuqtalari sonini 7 barobar oshirish imkonini berishi ta’kidlanadi.
2023-yilning noyabr oyidan boshlab “Ozon” O‘zbekistonda mahsulotlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri savdosini yo‘lga qo‘ydi. Mamlakat aholisi uchun kiyim-kechaklardan tortib oziq-ovqat mahsulotlarigacha bo‘lgan 20dan ortiq toifadagi keng assortiment mavjud. “Ozon"ning MDHdagi operatsiyalari va rivojlanishi bo‘yicha direktori Aleksey Saponning so‘zlariga ko‘ra, bu 100 mlndan ortiq mahsulotlarni o‘z ichiga oladi.
Oktabr oyida “Ozon” Toshkentda birinchi saralash markazini ochdi va mahalliy sotuvchilarni marketpleysda sotishga jalb qila boshladi. Kompaniya Farg‘ona, Termiz va Buxoroda uchta yangi saralash markazini ochishni hamda BBP sonini 1 500taga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Undan keyin, Jamshid Zohidov “Spot"ga nima uchun marketpleys bozorga chiqishga qaror qilgani, BBP tarmog‘i va logistikani rivojlantirish rejalari hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlarni Ozon bilan hamkorlikda nimalar kutayotgani haqida so‘zlab bergandi.
Avvalroq “Spot” o‘zbekistonlik tadbirkorlarning “Wildberries"ga sotuvi yil boshidan beri 87 barobarga oshgani haqida xabar bergandi.