Ulug‘bek Tavakkalov “Kapitalbank” Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

“Spot” bilan suhbatda Tavakkalov 2-dekabr kunidan mazkur lavozimda ish boshlaganini tasdiqladi.

Tavakkalov “Kapitalbank"ning chakana biznes faoliyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Noyabr oyi boshida Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi lavozimidan ketgandi.

25-oktabr kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida Ulug‘bek Tavakkalov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini tomonlar kelishuvi bilan muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

“Spot” bilan suhbatda Tavakkalov bank boshqaruv raisligidan o‘z xohishiga ko‘ra ketganini, biroq, hozirda bankda maslahatchi lavozimida ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi.

Uning o‘rniga boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Safarali Raxmatullayev boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi etib tayinlangunga qadar 2021-yilning may oyidan buyon “Tenge Bank” boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan oldin esa, 2019−2021 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank"da boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.


Avvalroq “Spot” Sandro Rtveladze “Ipoteka-bank"boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida yozgandi.

U bungacha “OTP Bank"ning Rossiyadagi sho‘ba bankida maslahatchi lavozimida ishlab kelayotgandi.