Avvalroq 30-noyabr kuni Abu-Dabi shahridagi Shayx Zayd nomidagi xalqaro aeroportida 31 nafar o‘zbekistonlik “noma'lum sabablarga ko‘ra” ushlab turilgani haqida xabar berilgandi.
Oradan bir kun o‘tib, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin fuqaro Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda “Air Arabia” aviakompaniyasining ertalabki reysida kelgan yo‘lovchilardan biri “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.
Shanba kuni tunda “Wizz Air” aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan, shuningdek, tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgan. Biroq, ularning soni noma’lum. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi vaziyat nazoratga olinganini bildirganiga qaramay, yo‘lovchilar diplomatik missiya vakillarini ko‘rmaganliklarini va ularga hech qanday yordam ko‘rsatilmaganini aytdi.
Ushlab turilganlar aeroportda yarim sutkadan ko‘proq vaqt davomida ovqatlanmagani, hojatxonaga milliy gvardiyaning qurolli xodimlari kuzatuvida borganini bildirdi. Ular dim xonada ushlab turilgan va polda yotishga to‘g‘ri kelgan, pasportlari esa uchib ketishidan bir soat oldin qaytarib berilgan.
Toshkentga qaytganlarning barchasi chiptalarni o‘z hisobidan sotib oldi. Yana taxminan 10 kishi yakshanba kuni boshqa reys bilan, qolganlari esa keyinroq kelishni rejalashtirgan. Yo‘lovchilardan birining qayd etishicha, ba’zilar boshqa tanlov mavjud emasligi sabab Samarqandga chipta sotib olishga majbur bo‘lgan.
“Qo‘lga olishlar aynan Abu-Dabida sodir bo‘lmoqda, Biz bilan birga yoki keyinroq Dubayga uchib kelgan tanishlarimiz hech qanday muammoga duch kelmadi”, — dedi Toshkentga qaytib kelgan erkak.
Undan keyin, “Gazeta.uz"ga vaziyat yuzasidan “Wizz Air” vakili Muhammadyusuf Muhammadusmonov izoh berib, Abu Dabidagia aeroportda qolib ketgan fuqarolarni qaytarish ishlari tashkillashtirilayotganini, ularga qaytish chiptasi qilinib, O‘zbekistonga olib kelinayotganini bildirdi.
Uning qayd etishicha, avikompaniya, agar chegara xizmati yo‘lovchini kirgizmasa, qaytish chiptasi bo‘lsa, uni o‘sha kunga surib fuqaroni ortga jo‘natadi, chipta bo‘lmasa, chiptani aviakompaniya to‘lab beradi va olib keladi. Agar chegara xizmati kirgizmasa, bu kompaniya bo‘ynida bo‘ladi.
Yanvar oyida BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi. 16-fevraldan boshlab o‘zbekistonliklar amirliklarda 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.