O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Filippin bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini ma’lum qildi.
Urunov hamda mamlakat elchisi Tihanki Manuel 1-dekabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tegishli bayonnomani imzoladilar. Unda JST bosh direktori o‘rinbosari Chjan Syanchen ham ishtirok etdi.
“Jenevadagi men bilgan eng yaxshi elchilardan biriga hamkorlik, qo‘llab-quvvatlash va maqsadga erishishda birgalikdagi harakati uchun minnatdorchilik bildiraman”, — deb yozadi Urunov.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki oy ichida O‘zbekiston to‘rtta mamlakat bilan JSTga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bular qatorida Filippindan tashqari, AQSh, Xitoy va Salvador bor.
Xususan, Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralar noyabr oyi boshida, Xitoy bilan esa o‘tgan oy oxirida yakunlandi. Shuningdek, joriy yilda Isroil, Braziliya, Shri-Lanka va boshqa mamlakatlar ham ushbu masalada o‘z qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan.
6-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” forumida Urunov mamlakat yana bir qator mamlakatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini qayd etgandi. Biroq ularning soniga aniqlik kiritmadi. Ular orasida Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bor.
Bundan tashqari, maxsus vakil mamlakatda savdoni tartibga solish bo‘yicha qabul qilinishi rejalashtirilayotgan notarif choralar haqida ma’lum qildi.
JSTga a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.
Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.
Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi. Azizbek Urunov tashkilotga a’zolik 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etdi.
Noyabr oyida O‘zbekiston AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunlashi natijasida Qo‘shma Shtatlar mamlakatni qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.