Avvalroq Abu-Dabidagi Shayx Zayd nomidagi xalqaro aeroportda o‘ttiz nafardan ortiq o‘zbekistonlik “noma'lum sabablarga ko‘ra” ushlab turilgani haqida xabar berilgandi.

TIV o‘zbekistonliklarning BAAga kiritilishidagi qiyinchiliklar bilan bog‘liq vaziyatni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 2-dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev BAAning O‘zbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, tomonlar so‘nggi kunlarda O‘zbekiston fuqarolarining amirliklar hududiga kirishlarida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha fikr almashdi.

“Mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.

Nima bo‘lgandi?

30-noyabr kuni “Wizz Air” aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz ushlab turildi. Ular boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan, shuningdek, tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilingan.

Oradan bir kun o‘tib, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin fuqaro Toshkentga qaytib keldi. Keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgan ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularning soni noma’lum.

O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi vaziyat nazoratga olinganini bildirganiga qaramay, yo‘lovchilar diplomatik missiya vakillarini ko‘rmaganliklarini va ularga hech qanday yordam ko‘rsatilmaganini aytdi.

Ushlab turilganlar aeroportda yarim sutkadan ko‘proq vaqt davomida ovqatlanmagani, hojatxonaga milliy gvardiyaning qurolli xodimlari kuzatuvida borganini bildirdi. Ular dim xonada ushlab turilgan va polda yotishga to‘g‘ri kelgan, pasportlari esa uchib ketishidan bir soat oldin qaytarib berilgan.

Undan keyin, “Gazeta.uz"ga vaziyat yuzasidan “Wizz Air” vakili Muhammadyusuf Muhammadusmonov izoh berib, Abu Dabidagia aeroportda qolib ketgan fuqarolarni qaytarish ishlari tashkillashtirilayotganini, ularga qaytish chiptasi qilinib, O‘zbekistonga olib kelinayotganini bildirdi.