Buxoro shahrining tarixiy qismida skuterlar va moped kabi transport vositalarining harakati cheklandi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali lavhasida ma’lum qilindi.
Bu bo‘yicha shaharning tarixiy qismida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda.
Unga ko‘ra, endi moto-auto vositalari, skuterlar, mopedlar va velosipedlarda harakatlanishni taqiqlovchi yo‘l belgilari mavjud bo‘lgan joylarda harakatni amalga oshirish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qayd etilishicha, mazkur transport vositalarining qatnovi tarixiy merosga zarar yetkazishi hamda hududda harakatlanayotgan sayyohlar va mahalliy aholiga xavf tug‘dirishi mumkin.
Buxoro viloyati YHXB matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga qo‘shimcha qilishicha, shaharning tarixiy hududida, shuningdek, inson kuchi bilan harakatlanadigan aravalar ham taqiqlangan.
Joriy yilning iyul oyida Vazirlar Mahkamasi skuter va mopedlarning davlat raqamlari turini tasdiqladi. Hujjat bilan IIV va Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga uch oy muddatda yangi avtomobil raqamlari uchun normativ hujjatlarni belgilash topshirildi.
Oktabrga kelib, prezident skuterlar va individual harakatlanish vositalaridagi qoidabuzarliklar uchun jarimalarni joriy etuvchi qonunni imzoladi. Masalan, bu kabi vositalarda yo‘lovchilar bilan yurish BHMning 50%i (187 500 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.