Energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Asaka va Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘limlari tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tadbirlar o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “A.x.” MCHJ rahbari A.A. va “S.B.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari umumiy foydalanishdagi tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.
Buning natijasida jami 160,9 mln so‘mlik elektr energiyadan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda “J-J” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida esa jami 100,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Buxoroda 943 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Romitan tumanidagi fermer xo‘jaligi elektr qurilmalarini shartnoma rasmiylashtirmasdan o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulaganligi aniqlandi.