Delaver shtati sudi tadbirkor Ilon Maskga hozirda $101 mlrdga baholangan “Tesla” kompensatsiyasi paketini to‘lashni yana bekor qildi. Bu haqda “CNN” nashri xabar bermoqda.
Shuningdek, sud “Tesla” aksiyadorlarining ko‘pchiligi iyun oyida Maskka ko‘p milliardlik to‘lovni ma’qullagani haqidagi dalilni ham ishonchli deb topmadi.
“Garchi to‘lov paketi aksiyadorlarning ko‘pchiligi tomonidan qayta ma’qullangan bo‘lsa-da, bu Maskning rekord darajadagi maoshi aksiyadorlar manfaatlariga mos kelishini anglatmaydi,” deya ta’kidlandi sudda.
Joriy yil fevral oyida Delaver shtati sudyasi milliarder Ilon Maskning $56 mlrdlik to‘lov paketini ortiqcha deb atagan investorlar foydasiga qaror qilgandi.
Sudya Maskning tovon puli elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniya direktorlar kengashi tomonidan noto‘g‘ri belgilangan deb topdi va uni rad etdi.
“Teslaning” Mask bilan kelishuvi hozirgi kunga qadar kompaniya rahbari bilan tuzilgan eng yirik kompensatsiya bitimi bo‘lib, uning miqdori Maskning boyligining katta qismini tashkil etadi.
Avvalroq “Spot” Donald Tramp Ilon Maskni hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimiga tayinlagani haqida yozgandi.
Ushbu departamentni Mask bilan birgalikda yana bir tadbirkor Vivek Ramasvami boshqaradi.