Sun’iy intellektning rivojlanishi, marketpleyslarning ommalashuvi va “Google” tomonidan taqdim etilayotgan qidiruv ma’lumotlari sifatining pasayishi tufayli “Google” qidiruvdan foydalanish kamaymoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar bermoqda.
Ushbu tendensiyalar “Google"ning qidiruv trafigini pasaytirishi va kompaniyani yuqori foydadan mahrum qilishi mumkin.
“eMarketer” taxminlariga ko‘ra, 2025-yilda “Google"ning AQSh qidiruv reklamalari bozoridagi ulushi, kompaniya bu ko‘rsatkichni kuzatishni boshlaganidan beri ilk bor 50%dan pastga tushadi, deb xabar qilinmoqda maqolada.
Hozirgi kunda yosh avlod axborot yig‘ish uchun boshqa platformalardan, ayniqsa sun’iy intellektdan foydalanmoqda, deya xabar berdi “WSJ”.
Misol uchun, “OpenAI” korporatsiyasi “ChatGPT"ga internet-qidiruv funksiyasini qo‘shdi. “Meta Platforms” o‘zining qidiruv tizimini yaratishni rejalashtirmoqda.
“WSJ” gazetasi ta’kidlashicha, hatto internetda qidirishni bilmaydigan sun’iy intellektli chat-botlar ham ko‘plab masalalarni hal qilishga tobora qobiliyatli bo‘lib bormoqda.
Bundan tashqari, “Microsoft” va “Apple” ularni o‘z operatsion tizimlariga integratsiya qilmoqda.
Shuningdek, “WSJ” ma’lumotlariga ko‘ra, “Amazon” “reklama beruvchilardan milliardlab dollar” ishlab topadi, chunki foydalanuvchilar tovarlarni tanlashda “Google” qidiruvni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri marketpleysga borishadi.
“Skai” reklama platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Google"dagi reklamaga kliklar soni o‘tgan yilga nisbatan 8%ga kamaydi, deb ta’kidlaydi nashr.
Avvalroq “Spot” “Google” Kaliforniyada o‘zining birinchi yog‘ochdan qurilgan ofisini ochgani haqida yozgandi.
Besh qavatli bino butunlay presslangan yog‘ochdan qurilgan bo‘lib, po‘lat va beton konstruksiyalarga qaraganda 96% kamroq uglerod chiqindilarini ishlab chiqaradi.