O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida Xitoy moliyaviy ko‘magida irrigatsiya tizimlarini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-noyabr kuni tegishli qarorni imzoladi.
Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun foydalaniladigan infratuzilmani rekonstruksiya qilish loyihasi $160 mlnga baholanmoqda. Qashqadaryo viloyatida ishlash uchun yana $60 mln yo‘naltiriladi.
Ushbu ishlar Xitoy Eksport-import banki tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi. Bosh pudratchi sifatida Xitoyning “CITIC Construction” va “China CAMC Engineering” davlat kompaniyalari jalb etilmoqda.
Qashqadaryo viloyatidagi loyiha uchun “Suvloyiha” instituti, boshqa hududlarda esa “O‘zGIP” bosh loyihalovchi etib belgilandi. Bir oy ichida har ikkala loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ekspertizadan o‘tkazish topshirig‘i berildi.
2025-yildan boshlab Xitoy Eksimbanki bilan qarz shartnomalari texnik-iqtisodiy asoslar tasdiqlanganidan keyin imzolanadi. Kreditlar bajarilgan ishlarning haqiqiy hajmiga qarab, bosqichma-bosqich ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
22-noyabr kuni Toshkentda Xitoy Eksimbankining mintaqaviy vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshladi. U sakkizta mamlakat: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyada moliyaviy tashkilot faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Bank vitse-prezidenti Yan Duninning aytishicha, Eksimbank O‘zbekistonda umumiy qiymati $3 mlrddan oshgan 50 dan ortiq loyihani moliyalashtirgan. Loyihalar kimyo sanoati, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab oladi.