Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) O‘zbekiston mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabni mutaxassisliklar kesimida o‘rgandi.

Mamlakat miqyosida 172 turdagi mutaxassisliklarga talab mavjudligiga qaramay, hududlar kesimida ayrim yo‘nalishlarda talab umuman yo‘q. Tahlil jarayonida mazkur mutaxassisliklar kesimida so‘rov o‘tkazilib, unda 180ta tuman va shaharda yashovchi 7 843 nafar ish beruvchi ishtirok etdi.

O‘zbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, jumladan, onlayn savdoda mutaxassislarga talab yuqori. Respondentlarning asosiy qismini (23,4%i) shu sohada faoliyat yurituvchi ish beruvchilar tashkil etadi.

Shu bilan birga, mamlakatdagi jami korxonalar orasida savdo korxonalarining ulushi eng yuqori — 32,5%. Bu esa o‘z navbatida aynan bu soha mutaxassislariga talab yuqoriligini asoslaydi.

Undan keyingi o‘rinlarda qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasi mutaxassislariga bo‘lgan talab yuqori ekanligi aniqlandi. Bunga qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi (1,7%), qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikasi mutaxassislari (1,4%), traktor, buldozer, kombayn haydovchilari (1,4%), agronomlar (1,3%), kashtachi, tikuvchi va to‘quvchilar (1,7%) kiradi.

Ta’lim muassasalarida ingliz, nemis va koreys tili kabi xorijiy tillar, shuningdek, matematika va IT o‘qituvchilariga (1,2%) ham talab bor. Davlat sektori va xususiy sektorga tegishli korxonalarda marketolog, dasturchi, buxgalter hamda kadrlar bilan ishlash bo‘yicha xodimlarga talab yuqori.

Tahlil, shuningdek, malaka talab etilmaydigan yo‘nalishda ham talab yuqoriligini aniqladi. Bular qatorida farroshlik, haydovchilik va bog‘bonchilik bor. Institut buni ular orasida qo‘nimsizlik darajasi (ish joyini tez-tez almashtirish) yuqoriligi bilan izohlash mumkin.

Institut kelgusi so‘rovlarda kasblar ko‘lamini kengaytirishni va natijalarni raqamlashgan platforma orqali keng jamoatchilikka yetkazishni rejalashtirgan.

Avvalroq “HeadHunter” platformasi tahlillari yil davomida mehnat bozorida raqobat sezilarli darajada oshganini ko‘rsatgandi.