Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishdi.

So‘nggi yetti yilda bu sohada ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sgan. Yillik oltin qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 26 tonnaga, kumush 77 tonnaga, mis 32 ming tonnaga oshgan.

Oxirgi besh yilda tog‘-kon va metallurgiyaga qariyb $9,5 mlrd investitsiya jalb qilinib, 15ta yirik loyiha ishga tushirildi. Mamlakat sanoati hajmining uchdan biri uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish kerakligi qayd etildi. Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari shu boradagi rejalar bo‘yicha axborot berdi.

Jumladan, 2025-yilda tog‘-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga $1 mlrd investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50%ga oshirish, ko‘mir qazib olishni 10 mln tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, $1 mlrd arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana $500 mln yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida “yashil iqtisodiyot” uchun muhim bo‘lgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.

Davlat rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta’kidladi.

Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Korxonalar jahondagi o‘zgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar ko‘rsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari belgilandi.

Oktabr oyida OKMKda mis boyitish fabrikasi qurilishining keyingi bosqichi boshlangandi. Loyiha Italiyaning “Wood” hamda Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari tomonidan amalga oshirilib, uning qiymati $5,3 mlrdni tashkil etadi.