Tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi kun davomida qariyb 4%ga oshdi. Bu haqda savdo platformasi matbuot xizmati xabar berdi.

2-dekabr kuni suyultirilgan gaz narxi 3,9%ga oshib, bir tonnasi uchun 7,7 mln so‘mdan ortiqni tashkil etdi. 29-noyabr, juma kungi savdo natijalari bilan taqqoslaganda, propan realizatsiyasi hajmi qariyb 200 tonnaga oshgan. O‘tgan hafta oxirida suyultirilgan gaz 3,4%ga — bir tonnasi uchun 7,42 mln so‘mga arzonlashdi.

Bir qancha brokerlarning “Spot"ga bildirishlaricha, dushanba kuni “Uzbekistan GTL” zavodi boshqa sotuvchilarga nisbatan eng past boshlang‘ich narxga ega bo‘lgan suyultirilgan gazni birja savdosiga chiqarmagan.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati esa kuni kecha zavod ta’mirlash ishlari sabab yopilganini “Spot"ga ma’lum qildi. Biroq, davlat kompaniyasi bu qachon yakunlanishiga aniqlik kiritmadi. Shuningdek, kompaniya zavod tomonidan suyultirilgan gazni birjaga chiqarish to‘xtatilganiga oid xabarlarni tasdiqlagani yo‘q.

Joriy yilning 6-noyabridan Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxini har bir sotuvchi bo‘yicha boshlang‘ich narxiga nisbatan 20%gacha oshirish chegarasini joriy etdi. Shundan so‘ng, propan qariyb chorakga arzonlashdi, shu bilan birga, oktabr oyiga nisbatan sotish hajmi sezilarli darajada kamaydi.

Brokerlar “Spot” bilan suhbatda narx chegarasi joriy etilgandan so‘ng propan bilan birja savdolarini “oddiy lotereya” deb baholadi. Bir xil narx takliflarida suyultirilgan gazni arizalari birja tizimi tomonidan oldinroq ro‘yxatdan o‘tkazilganlar oladi.

Avvalroq “Spot” Toshkentda ikki kun ichida elektr energiyasini behuda sarflash bo‘yicha 264ta holat aniqlangani haqida yozgandi.