“Yandeks Go” taksi agregatori ilovada narxlar tafsilotlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib “RBC” nashri xabar berdi.
Yangi funksiya foydalanuvchilarga sayohat narxi qanday tarkibiy qismlardan iboratligini bilish imkonini beradi. Uning yordamida yo‘lovchilar hozir yoki talab eng yuqori darajada pasayganidan keyin avtomobil chaqirishni tanlashlari, shuningdek, tarif yoki yo‘nalishni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari mumkin bo‘ladi.
Tarif va yo‘nalishni tanlagandan so‘ng tafsilotlar ekraniga kirish uchun rubl belgisi bilan maxsus tugmani bosish kerak bo‘ladi. U ekranning yuqori chap burchagida joylashadi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, tafsilotlar ekranida quyidagi bo‘limlar mavjud bo‘ladi:
- avtomobilni chaqirish narxi;
- asosiy tarif bo‘yicha yo‘l haqi;
- talab yuqori bo‘lgan vaqtlarda qo‘shimcha to‘lov;
- qo‘shimcha xizmatlar narxi (masalan, hayvonlarni tashish).
“Yandeks"da tig‘iz soatlarda yoki ob-havoning qiyin davrlarida ustamalar qo‘shimcha haydovchilarni yo‘lga jalb qilish uchun vaqtinchalik chora deb nomlangan. Yuqori talab koeffitsiyentlari sarflangan vaqtni qoplash uchun avtomatik algoritmlar yordamida hisoblanadi.
“Yandex Uzbekistan” tafsilotlar funksiyasi bosqichma-bosqich boshqa mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham joriy etilishini ma’lum qildi. Ishga tushirish sanasi keyinroq e’lon qilinadi.
“Yandeks Taksi"ning korporativ munosabatlar va davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Anton Petrakov sentyabr oyida yil oxirigacha haydovchilar soni 130 ming kishiga yetishmasligi mumkinligini baholagan edi. Uning aytishicha, bu narxlarning o‘nlab foizga oshishiga olib kelishi mumkin.
Agregator vakilining so‘zlariga ko‘ra, migratsiya siyosati va tartibga solishning kuchaytirilishi sababli taksi haydovchilari sohani tark etishga majbur bo‘lmoqda. Shuningdek, boshqa sohalar bilan kadrlar uchun raqobat ham kuchaymoqda.
Avvalroq “Spot” yil boshidan beri “Yandex” O‘zbekistonda qariyb $10 mln miqdorida soliq to‘lagani haiqda yozgandi.
Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, bu kutilgan yillik hajmdan yuqori ko‘rsatkichdir. Kompaniya qo‘mita bilan mamlakatda faoliyat turlarini legallashtirish ishlarini davom ettiradi.