O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ketma-ket uchinchi kun pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

4-dekabr, chorshanba kuni regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 813,04 so‘m etib belgiladi. Kun davomida birja savdosida kurs 12 so‘m 39 tiyinga pasaydi.

Joriy oyda kurs ketma-ket uch marta rekord darajaga ko‘tarilib, 19-noyabr kungi 12 844 so‘mdan 28-noyabr kuni 12 865,05 so‘mgacha yetdi.

Avvalroq “Spot” dollarning rasmiy kursi noyabr oyida qanday o‘zgargani haqida yozgandi. O‘zbek so‘mi ketma-ket to‘rtinchi oy arzonlashmoqda. O‘tgan oyda milliy valyuta 90 so‘m, yil boshidan beri esa 4,26%ga qadrsizlandi.

Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi. Milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar qatorida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor.

Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.

Avvalroq oktabrda aholi valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi farq $600 mlnni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.