3-dekabr kuni “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025-yildan ochiq va shaffof Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy etiladi. Bu tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni taklif etish imkonini beradi.

Ekotizim quyidagi yo‘nalishlarini nazarda tutadi:

  • hududlar va tovarlar kesimida ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi sanoat xaritasini ishlab chiqish;
  • davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ofteyk shartnomalar tuzish;
  • “B2B” va “B2C” formatida “marketpleys” shaklidagi erkin savdo maydonchasini tashkil etish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur ekotizimning to‘liq joriy etilishi va uning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, “davlat xaridlari — biznesga ko‘mak” tamoyili asosida “tadbirkorbay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ayrim tadbirkor ishlab chiqaruvchilarga barcha elektron tizimlardagi davlat xaridlarida ishtirok etish uchun vositachilik yig‘imi miqdoriga nisbatan 50% chegirma beriladi.

Ularga xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishda qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi.

Avvalroq tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

2025-yildan tadbirkorlar faoliyatida barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinib, Biznes-ombudsmanni xabardor etish orqali o‘tkaziladi.