O‘zbekistondan Yevropaga “yashil” elektr energiyasi eksporti mamlakat energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 18-noyabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning qayd etishicha, joriy yilda “yashil” energetika yo‘nalishida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi uch barobardan ortiqqa — $1,3 mlrddan $4,6 mlrdgacha oshadi.
Yevropaga “yashil” energetika yo‘lagini tashkil etish loyihasiga xalqaro kompaniyalar va moliyaviy institutlar qiziqish bildirayotgani qayd etildi. 8-noyabr kuni Energetika vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) qo‘shma korxona faoliyatini tayyorlashni texnik qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida bitim imzoladi.
“Biz Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi ishtirokida yo‘l xaritasini imzoladik. Ya’ni, Saudiya Arabistoni kompaniyalari bu loyihaga ham ulushdor, ham texnologik hamkor sifatida kirishga qiziqish bildirishdi va ular ishtirokdia tegishli hujjatlarni imzoladik”, — dedi vazir.
Loyiha doirasida Kaspiy dengizi tubidan, so‘ngra Ozarbayjon va Gruziya orqali, keyinroq Qora dengiz tubidan Ruminiyaga kabel yotqizish rejalashtirilgan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish uchun Italiyaning “CESI” kompaniyasi tanlangan. Hozirda kompaniya bilan TIA ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Mirzamahmudov O‘zbekistonning loyihadan ko‘radigan foydalarini sanab o‘tar ekan, bular qatorida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarning kirib kelishini ta’kidladi.
“Mazkur loyiha uchun Ustyurt hududida xorijiy investorlar ishtirokida elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, alohida generatsiya obyektlari quriladi”, — dedi u.
Kelasi yilda TIA asosida hujjatlar kelishuvi, moliyaviy manbalarni hal qilish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash amalga oshiriladi. Texnik-iqtisodiy asosda elektr energiyasini yetkazib berish hajmlari, loyihaning texnik ko‘rsatkichlari va tomonlarning ulushdorlik asosidagi ishtiroki kelishib olinadi.
Vazir Ozarbayjon va Gruziya ham o‘z elektr energiyasini eksport qilishi mumkinligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini 2026−2027-yilda boshlash rejalashtirilgan. Loyiha 2028−2030-yilga borib ishga tushirilishi mumkin.
Yevropaga “yashil” energiya koridori
O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berish loyihasini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi bo‘ylab chuqur suv osti kabeli yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiyani sotish uchun biznes modelini ishlab chiqadilar.
Avgust oyida mamlakatlar “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar, uning ofisi Bokuda joylashgan.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Spot"ga bergan intervyusida O‘zbekiston 2030-yilda Yevropaga 10−15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u TIAni ishlab chiqishga taxminan bir yarim yil kerak bo‘lishin va bu 2025-yil oxirigacha yakunlanishini ta’kidladi.
“Keyin ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha qurilishni boshlaymiz. Bunda uzunligi 2,5 ming km kabel bo‘ladi, juda qimmat HVDC bo‘ladi (Doimiy tokning yuqori voltli liniyasi — „Spot“ izohi). Qiymatni texnik-iqtisodiy asos belgilaydi, lekin $2 mlrddan ortiqni tashkil etadi”. — deya qo‘shimcha qilgandi Mamadaminov.
“Spot” muxbirining Yevropaga eksport qilinadigan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narx bozor yo‘li bilan belgilanishi, lekin bir kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.
13-noyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon prezidentlari “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Tomonlar qo‘shma korxona tashkil etishni hamda texnik hujjatlarni ishlab chiqish va kelishishni tezlashtirishga kelishib oldilar.