Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi 7 yilda viloyatda sanoat korxonalari qariyb 3 barobar ko‘payib, 13 mingtaga yetgan. Investitsiya loyihalari natijasida 116 mingta ish o‘rni yaratilgan. O‘n oyda xorijiy investitsiyalar hajmi $1,5 mlrdni, eksport ko‘rsatkichi $910 mlnni tashkil qildi.

Yaqinda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri hisobidan 210 gektarga kengaytirildi. Bu hududda umumiy qiymati $1 mlrdlik 185ta loyihani joylashtirib, qariyb 12 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. Qo‘qonda 71 gektarda texnopark tashkil etilishi birinchi bosqichda $900 mlnlik, 5 ming ishchi o‘rniga ega korxonalarga yo‘l ochadi.

Xitoylik ishbilarmonlar bilan $1 mlrdlik, Janubiy Koreya bilan $240 mlnlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan. Ularni amalga oshirish uchun viloyat tuman va shaharlarida 1 210 gektarda sanoat zonalari tashkil qilishga zarurat bor. Bo‘lajak korxonalarda 30 ming kishi, jumladan, kambag‘al oila vakillari ish bilan ta’minlanadi.

Beshariq tumanida savdo-logistika markazi qurilishi boshlangan. U Termizdagi kabi erkin savdo zonasiga aylantirilib, do‘konlar tadbirkorlarga ijaraga beriladi.

Natijada, viloyat eksporti qo‘shimcha $50 mlnga, ish o‘rinlari esa 2 mingga ko‘payadi. Shunday majmuani Quvasoy shahrida ham barpo etish mumkinligi qayd etildi.

Farg‘onada aholi ixtiyorida, yo‘l va dala chetlarida, suv va o‘rmon fondida jami 91 ming gektar yer mavjud. Ulardan unumli foydalanib, mahsulotlarni hamda qayta ishlashni ko‘paytirish zarur.

Masalan, Farg‘ona tumanidagi 15ta mahallada yiliga 6 ming tonna malina yetishtiriladi. Ularga yaqin hududdan yer berilsa, tadbirkor malinani saqlash, qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yib, qo‘shilgan qiymatni 2,5 karra oshirish taklifini bildirgan. Boshqa bir tashabbuskor So‘xdagi o‘rmon yerini ijaraga olib, 800 gektarda kavrak, 50 gektarda za’faron yetishtirmoqchi.

Oltiariqdagi ikkita nasos stansiyasiga 9 km quvur tortib, quvvatini oshirish orqali 1 400 gektarda intensiv bog‘ qilsa bo‘ladi. Unda qo‘shimcha 55 ming tonna eksportbop meva yetishtiriladi.

Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, kelgusi yilda $3,7 mlrd investitsiya olib kelish, eksportni $1,5 mlrdga yetkazish mo‘ljallangan. 500 ming fuqaroning bandligini ta’minlash, 22 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifa qilib olingan.

Davlat rahbari bu takliflarni takomillashtirib, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qaror tayyorlashga ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, eksportchilarga barcha qulayliklarni yaratish, bandlikka ko‘maklashib, ishsizlikni kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. Hokimlar va boshqa mutasaddilarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish shartligi belgilandi.