GIZ O‘zbekistonga “yashil” master-rejalarni ishlab chiqishga grant ajratadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
3-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston hududiy rivojlanish forumi doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan kelishuv imzolandi.
Xususan, hujjatni imzolashda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda GIZ dasturi rahbari Boyatu Shorait ishtirok etdi.
Kelishuv Yashil master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha 9 mln yevro miqdoridagi grant mablag‘larini ajratishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Shorait shu kuni “Bosh reja va master rejalarga „yashil“ iqtisodiyotga o‘tish maqsadlarini kiritish” mavzusida panel muhokamasida ham ishtirok etdi.
Ekspertlar shaharlarni iqlim o‘zgarishiga nisbatan chidamliroq qilish, barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish hamda jarayonga xususiy sektor va fuqarolarni jalb etish uchun shaharsozlik strategiyalari va vositalari bo‘yicha o‘z g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Joriy yilning iyul oyida qabul qilingan prezidentning tegishli qarori asosida GIZ bilan kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar ro‘yxati tasdiqlangandi.
Noyabr oyida dastur bilan mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish uchun 3 mln yevro jalb qilishga kelishildi. Bu loyiha bo‘yicha ishlar 2023-yilda boshlangan va Germaniya tomoni O‘zbekistonda yashil sanoatlashtirishni rivojlantirishga 9 mln yevro yo‘naltirishi belgilangandi.