Turkiyaning “Rönesans holding” kompaniyasi O‘zbekistondagi transport infratuzilma loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
3-dekabr kuni vazir Ilhom Mahkamov turk kompaniyasi boshqaruvi raisi Kamil Yanikomerog‘lu bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda kompaniyaning mamlakatda DXSh asosidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, Kamil Yanikomerog‘lu kompaniya Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasida ishtirok etishga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yilning may oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Rönesans”, shuningdek, Yaponiyaning “Sojitz” kompaniyasi vakillari bilan uchrashgandi. Kompaniyalar O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarida ishtirok etish istagini bildirdi.
Sentabrga kelib, prezident Toshkent-Samarqand hamda Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshirilishini ma’lum qildi.
2023-yilning noyabrida Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi ham Toshkent-Samarqand yo‘nalishida tezyurar poezdlar uchun temir yo‘l qurilishiga mablag‘ ajratmoqchi ekanligi xabar berilgandi.
Avvalroq Qirg‘iziston hukumati Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li uchun $14 mln ajratgani haqida xabar berilgandi. Mablag‘lar rasmiy Bishkekning loyiha kompaniyasi ustav kapitaliga birinchi hissasi bo‘ladi.