Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladi. Bu bo‘yicha 4-noyabr kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Hujjat bilan, mazkur xizmat 2025-yildan boshlab Davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal (my.gov.uz) orqali ko‘rsatila boshlanadi.

Fuqarolar o‘zlari yashab turgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, davlat xizmatidan foydalanishi mumkin. Buning uchun ishonchnoma shart emas.

Arizalar portal orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, uzluksiz qabul qilinadi hamda uni ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi. Onlayn va oflayn ariza berishda fuqarodan so‘rovnomadan tashqari boshqa ma’lumot va hujjatlarni so‘rash taqiqlanadi.

So‘rovnoma to‘ldirilganidan so‘ng ma’lumotlar to‘g‘riligi tekshirilib, imzolar identifikatsiya vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, mobil-ID va boshqalar) orqali tasdiqlanadi. Xizmatni ko‘rsatganlik uchun esa to‘lov undirilmaydi.

Komissiya 7 kunda uni ko‘rib chiqib, joyiga chiqqan holda uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganlik darajasini, texnik holatini, unda yashash imkoniyati mavjudligi hamda yaroqsiz holatga kelganligini aniqlaydi.

Uyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Agar so‘rovnomada noto‘g‘ri yoki xato ma’lumotlar ko‘rsatilsa, uy-joyni ko‘zdan kechirishga to‘sqinlik qilinsa hamda uning texnik holati yashash imkonini bersa xizmat ko‘rsatishni rad etishga asos bo‘ladi. Boshqa asoslar esa taqiqlanadi.

Ariza beruvchiga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlash uchun asos hisoblanadi.

Xizmatdan havola orqali onlayn foydalanish mumkin.

Avvalroq 1-dekabrdan uy-joyni yaxshilash uchun ipoteka kreditiga arizalar qabuli boshlanishi haqida xabar berilgandi.