Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmga birinchi tez yurar poyezd olib kelingani, 7-dekabrdan Toshkent-Xiva yo‘nalishida qatnovlarni boshlashi haqida xabarlar tarqalgandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati “Telegram"-kanallarida e’lon qilingan bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Biroq, kompaniya Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarini yakunlash doirasida bitta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi sinovdan o‘tkazilganini qayd etdi.
“Bu bosqich yangi marshrutni sinovdan o‘tkazish va infratuzilmaning to‘liq foydalanishga tayyorligini tekshirish dasturining bir qismidir”, deyiladi xabarda.
Noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan taqdimotda “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev yangi yil arafasida elektrlashtirilgan Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva temiryo‘li ochilishini ma’lum qilgandi. Uning umumiy uzunligi 465 kmni tashkil etadi.
Mazkur yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi 2022-yilda ma’lum bo‘lgan. Buning uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi belgilangan. U 7ta vagon va 35ta o‘rindiqdan iborat bo‘lib, soatiga 250 km tezlikda harakatlana oladi.
Kelgusi yillarda 196 kilometrlik “Miskin-Nukus” tarmog‘ini elektrlashtirish belgilangan. Bu qatnov vaqtini 16 soatdan 7 soatgacha qisqartirishi kutilmoqda.