AQShning Kaliforniya universiteti qoshidagi Sof va amaliy matematika instituti (IPAM) amaliyot dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
“Talabalar uchun sanoat loyihalarida tadqiqotlar” (“Research in Industrial Projects for Students” — RIPS) dasturida butun dunyodan matematika, statistika va informatika kabi tegishli fanlar bo‘yicha bakalavr bosqichidagi talabalar ishtirok etishi mumkin.
Dastur kelasi yilning 23-iyunidan 22-avgustigacha davom etadi. Talabalar Los-Anjelesda joylashgan kampusda yashab, IPAMda faoliyat olib borishadi. Uning doirasida jami to‘qqizta loyiha ustida ishlash ko‘zda tutilmoqda.
Ishtirokchilarga sanoat yoki davlat sektori homiylari tomonidan taklif qilingan real tadqiqot loyihalarida jamoalarda ishlash imkoniyati beriladi. Har bir jamoa o‘zining akademik va sanoat mentori ko‘magida muammoni tadqiq qiladi va natijalarni dastur oxirida og‘zaki hamda yozma ravishda taqdim etadi.
Dasturdan so‘ng, ayrim jamoalar o‘z natijalarini chop etishni yoki milliy konferensiyalarda taqdim etishi mumkin. IPAM har bir bakalavr talabasiga yordam va rag‘batlarni taqdim etadi.
Qabul qilingan talabalar quyidagi imkoniyatlarni qo‘lga kiritadi:
- $4 200 miqdorida stipendiya;
- sayohat xarajatlari;
- yashash va ovqatlanish xarajatlari;
- homiylar bilan tashriflar;
- tanlangan konferensiyalar uchun sayohat xarajatlari.
Nomzodlar rezyume, transkript (akademik ma’lumotnoma) hamda ikkita tavsiyanomani onlayn jo‘natishlari kerak. Bundan oldin esa dastur talablari bilan batafsil tanishib chiqish tavsiya etiladi.
Arizalarni ko‘rib chiqishda xotin-qizlar, matematiklar ustunlikka ega. Nomzodlar ingliz tilini yaxshi bilishlari hamda 18 yoshdan yuqori bo‘lishlari kerak.
Unda ishtirok etish uchun arizalarni 2025-yilning 3-fevraligacha havola orqali jo‘natish mumkin.
Dastur yuzasidan savollar rips@ipam.ucla.edu elektron pochtasi orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Foydali havolalar:
Avvalroq AQShda o‘tkaziladigan “TechWomen” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda STEM sohasida ikki yillik tajribaga ega o‘zbekistonlik xotin-qizlar ham ishtirok etishlari mumkin. Dastur barcha xarajatlarni qoplab beradi.