Germaniya kompaniyasi bilan Andijonda logistika markazi tashkil etildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 29-noyabr kuni “O‘ztemiryo‘lkonteyner” va Germaniyaning “Rhenus Group” kompaniyalari o‘rtasida ta’sischilar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Akmal Kamalov hamda “Rhenus Group"ning vakolatli vakili Geynrix Kerstgens tomonidan “UzContargo Andijon” qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha ta’sis hujjatlari va tegishli bayonnoma imzolandi.

Davlat rahbarining 2023-yilning sentabr oyidagi Germaniyaga tashrifi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniya bilan bu bo‘yicha kelishuvga erishgandi. O‘sha yilning oktabrida qabul qilingan prezident qarori bilan kompaniya ishtirokida Andijonda logistika markazini tashkil etish belgilandi.

“UzContargo Andijan” qo‘shma korxonasi Andijon logistika markazi negizida qayta tashkil etilib, 2024−2026 yillarda loyihaga 20 mln yevro investitsiya yo‘naltiriladi.

Unda konteyner blok-poyezdlarini tashkil etish, vagon va konteynerlarni ortish-tushirish, saqlash ishlari, multimodal eshikdan-eshikkacha xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilgan. Xususan, markazda yiliga 250−300 ming tonna yukni qayta ishlash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, Germaniya kompaniyasining Samarqanddagi avtomobil-temir yo‘l yuk terminallarini boshqarish va kengaytirishga yordam berishi ma’lum bo‘lgan. “Rhenus” “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini umumiy oshirishda yordam beradi.

Avvalroq Janubiy Koreyaning “Ecofarm Global Co.” kompaniyasi Namangan viloyatining Chust tumanidagi Namangan EIZda logistika markazi va temir yo‘l terminali qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.