Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi markirovka talablariga javob bermaydigan antifriz savdosini aniqladi.
Qo‘mita tomonidan 15-noyabr kuni to‘rtta mahalliy — “Cool-X”, “Magas”, “Megazone” hamda “Vertex”, shuningdek, Rossiyaning “Sibiria” antifriz mahsulotlari bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi.
Ularning sifatini o‘rganish maqsadida namunalar akkreditatsiyadan o‘tgan “UzTest” laboratoriyasi va qadog‘i bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasiga topshirildi. Inspeksiya teishli texnik reglamenti (UzTR.783−024:2017) asosida o‘rgandi.
Natijada barcha mahsulotlar sifati talabga javob berishi, biroq, ayrimlari markirovka talablariga muvofiq emasligi aniqlandi. Xususan, uchta mahsulot — “Magas”, “Megazone” va “Sibiria” antifrizlari qadog‘ida qaysi normativ-hujjat asosida ishlab chiqarilganligi haqida ma’lumot keltirilmagan. Shu bilan birga, “Megazone” qadog‘ida ishlab chiqarilgan sana va muvofiqlik belgisi yo‘q.
“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasi bilanishlab chiqaruvchi iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi belgilangan. Mazkur ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi hukumatning 2021-yil fevral oyidagi tegishli qarori bilan belgilangan nizom asosida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasiga tegishli chora ko‘rish uchun ma’lumot kiritdi
Avvalroq bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 30ga yaqin sayt bloklangandi. Qo‘mita tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi saytlarga kirishni cheklash choralari ko‘rilmoqda.