Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Bu masala o‘tgan oyda muhokama qilinib, mutasaddilarga rejalarni tanqidiy ko‘rib chiqish topshirilgandi. Bu galgi taqdimotda ko‘rsatmalar asosida takomillashtirilgan chora-tadbirlar bayon qilindi.
Hozir yiliga 400 mingdan ziyod avtomobil sotilmoqda. Aholi jon boshiga daromad oshayotgani bois bu tendensiya keyingi yillarda ham saqlanib qolinishi hisobiga talabga yarasha mahsulot ishlab chiqarilishi qayd etildi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishida bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat kuchayadi. Shuning uchun sifat ustida ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
2025-yilda “BYD” avtomobillarining 60ta detalini mahalliylashtirish hisobiga elektromobil tannarxini pasaytirish mumkin. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.
Shundan kelib chiqib, Mahalliylashtirishga ko‘maklashish markazi imkoniyatlarini ishga solib, hududiy korxonalar bilan kooperatsiya hajmini 2 karra oshirish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani natijasida 40 mingdan ortiq avtokomplekt sotilgan. Samarqanddagi avtobus va yuk transporti korxonalarini tashqi bozorlarga olib chiqish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari tarmoqning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Zamon talablariga moslashib, ishlab chiqarishni barqaror qilish, marketing va sifat bo‘yicha har kuni izlanish zarurligi ta’kidlandi.
Oktabr oyida “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov import hajmlari katta ekanligini, tayyor mahsulot, butlovchi qism hamda xom ashyo materiallari bo‘yicha potensial yuqoriligini qayd etgandi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9 oyda 15,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, yil oxirigacha bu 18,9 trln so‘mga yetkaziladi.
BYD
Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida “Chazor” va “Song Plus Champion” kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.
Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.
Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.
Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket “BYD E2”, “Seagull” hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.