“Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts o‘z blogida 2024-yilda o‘qigan eng yaxshi 4ta kitobi ro‘yxatini e’lon qildi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, kitoblar jamlanmasi bizni o‘rab turgan dunyoni anglashga yordam beradi. Masalan, ro‘yxatdagi ikkita kitobda kelajak, jumladan, sun’iy intellekt rivoji va ulkan texnologik yutuqlar odamlarning yashash, o‘rganish va sevish hissini qanday o‘zgartirayotgani haqida so‘z boradi.

“Yana bir kitob javoblarni o‘tmishdan axtaradi — ilgari yetakchilar qiyin davrlarni qanday yengib o‘tganliklari haqidagi tarix saboqlari ham tasalli beruvchi, ham qiziqtiruvchi. Ro‘yxatimdagi to‘rtinchi kitob esa bugungi kun haqida. U sizga har kuni bizni o‘rab turgan jamiyatning ajoyib, ko‘zga ko‘rinmas asosini qadrlashga undaydi”, — deb yozadi Geyts.

Shuningdek, u yilning mazkur mavsumi qancha kitob bo‘lsa-da ortiqcha qilmasligidan kelib chiqib, o‘quvchilarga bonus sifatida yana bitta kitobni tavsiya qildi.


“Tugallanmagan muhabbat qissasi”, Doris Kearns Gudvin

Men Doris kitoblarining katta muxlisiman, lekin uning yangi tarjimai holini o‘qimagunimcha shaxsiy hayoti haqida ko‘p narsa bilmasdim.

Kitob AQSh tarixidagi eng notinch davrlardan birida prezidentlar Kennedi va Jonsonga siyosat bo‘yicha maslahatchi va nutq yozuvchi bo‘lib ishlagan marhum eri va o‘zining hayotiga bag‘ishlangan.

Doris shunday iste’dodli yozuvchiki, uning sevgi tarixi haqidagi boblari Kennedining o‘ldirilishi va Vetnam urushi haqidagi boblar kabi qiziqarli va ma’rifiydir.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi


“Xavotirli avlod”, Jonatan Haydt

Mazkur kitob bugungi kunda yoshlarni tarbiyalayotgan, ular bilan ishlayotgan yoki ta’lim berayotgan har bir kishi uchun o‘qilishi shart bo‘lgan kitobdir.

U mening ko‘pincha ota-onam nazoratisiz ko‘chalarda yugurib, ba’zan muammolarga duch kelgan yoshlik yillarim bugungi shaxsiyatimni shakllantirishga qanchalik hissa qo‘shganini o‘ylashimga undagan.

Haydt o‘yinga asoslangan bolalikdan telefonlarga asoslangan bolalikka o‘tish bolalarning his-tuyg‘ularini rivojlantirishi va idrok etishini qanday o‘zgartirayotganini tushuntiradi. U muammoni ko‘rsatibgina qolmasdan, balki e’tiborga loyiq haqiqiy yechimlarni ham taklif qilishini qadrlayman.


“Oddiy ko‘rinishdagi muhandislik”, Greydi Xillxaus

Siz qachondir yerdan chiqib turgan g‘alati quvurga qarab: “Bu nima bo‘lishi mumkin?”, deb o‘ylaganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, bu kitob aynan siz uchun.

Xillxaus biz har kuni ko‘radigan barcha sirli inshootlarni, kabel qutilari, transformatorlar va uyali aloqa minoralaridan tortib, ularning nimaligi va qanday ishlashini tushuntiradi. Bu sizning qiziquvchanligingizni qondiradigan va hatto o‘zingiz bilmagan savollarga javob beradigan kitobdir.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi


“Yaqinlashayotgan to‘lqin”, Mustafo Sulaymon

Mustafo ilm-fan tarixini chuqur tushunadi va sun’iy intellekt — genlarni tahrirlash kabi boshqa ilmiy yutuqlar bilan birgalikda — jamiyatning har bir jihatini qayta shakllantirishga qodir ekanligini men ko‘rgan eng yaxshi tarzda tushuntiradi.

U biz tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak bo‘lgan xavf-xatarlarni va ushbu texnologiyalarning afzalliklaridan bexatar foydalanishimiz uchun yengishimiz lozim bo‘lgan qiyinchiliklarni bayon etadi. Agar siz sun’iy intellektning yuksalishini anglamoqchi bo‘lsangiz, bu o‘qishingiz kerak bo‘lgan eng yaxshi kitobdir.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi


“Federer” (Bonus)

Bu kitob barcha uchun o‘quvchi uchun mo‘ljallanmagan. Qolaversa, u judayam qimmat va kichik itning og‘irligidek keladi. Ammo agar siz yoki yaqiningiz tennis ustasi — Rojerning muxlisi bo‘lsangiz, “Federer” uning hayoti va faoliyatiga nazar tashlash imkonini hadiya etadi.

Men Rojerning tennis bilan bog‘liq tarixi haqida deyarli hamma narsani bilaman deb o‘ylardim, lekin bu kitobdan, ayniqsa uning dastlabki hayot yillari haqida ko‘p narsa o‘rgandim. Unda men ilgari ko‘rmagan juda ko‘p fotosuratlar bor. Bu kitob tennis ishqibozi bo‘lgan yaqinlaringiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ladi.