Toshkent markazidagi “Paxtakor” stadioni rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda shu nomdagi futbol klubi raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Stadionni xalqaro standartlarga mos ravishda yangilash rejalashtirilmoqda. Tadbirkorning qayd etishicha, ta’mirlash ishlari 2025-yilning bahorida boshlanadi.
“„Paxtakor“ stadioni bo‘yicha, biz ta’mirlash ishlarini FIFA talablari asosida bahorda boshlaymiz”, — dedi Ortiqxo‘jayev.
Yil boshida Davaktiv agentligi “Paxtakor futbol klubi"ning 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ommaviy savdo jarayonlari boshlanganini ma’lum qildi. Futbol klublarini xususiy sektorga o‘tkazish prezidentning 2023-yilning bahorida qabul qilingan qarori bilan belgilangan.
Xaridorlar aktivni sotib olishda futbol klubining, shuningdek, “Paxtakor” futbol klubi akademiyasining faoliyatini saqlab qolishi, klubni rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqishi kerak edi.
Biroq, bu keng jamoatchilik tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lib, stadionni ko‘chirish va uning o‘rnida yuqori qiymatli ko‘chmas mulk qurish xavfi yuqoriligi ta’kidlangandi.
Undan keyin, 18-yanvar kuni kechqurun Davaktiv agentligi “Paxtakor” futbol klubini xususiylashtirish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu qarorga jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlar asosida kelingani qayd etilgandi.