Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar (shu kuni ham) etib belgilandi.
Bu oliy ta’lim tashkilotlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.
Avvalroq ayrim talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 1-dekabrgacha uzaytirilgandi. Bazaviy, super-kontrakt, shuningdek, qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik yoshlar hamda o‘qishi ko‘chirilgan talabalar mazkur muddatgacha to‘lashlari mumkin edi.
Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25%ini to‘lashi kerak.
Shu bilan birga, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim. Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.