Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Besh yil avval tumanda 2 240 o‘rinli 26ta maskan bo‘lgan bo‘lsa, sohaga 2 trln so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ko‘p o‘ringa ega 59ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlanib, qo‘shimcha yo‘llar qurildi.
Tumanga tashrif buyuruvchilar soni 12 barobarga oshdi. Besh yil oldin Bo‘stonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu joriy yilning 11 oyida 12 mlnni nafarni tashkil etgan.
Chirchiq daryosi bo‘yida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Uning maydoni qariyb 25 gektarni tashkil etadi.
Majmuada 16ta ko‘p qavatli uy, 3ta mehmonxona, 2ta supermarket, 60dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi.
Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Daryo ustida esa sayr uchun shishali ko‘prik quriladi. Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiy xodimlarni hisobga olgan holda jami 2 500ta ish o‘rni yaratiladi.
Prezident xizmat turlarini ko‘paytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida e’tibor berish, yashillikni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur loyiha qurilishi joriy yilning sentabr oyida ma’lum bo‘lgandi. Bo‘stonliq tumanida “Ugam River” turistik markazini qurish loyihasi boshlandi. 13,7 gektar yer maydonida 18ta blokda ko‘p qavatli binolar, 830ta bir, ikki va uch xonali apartamentlar qurilmoqda.