2025-yilda O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun narxlarni ikki marta oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda 2-dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayev ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, tariflar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun belgilangan narxlarda indeksatsiya qilinishi mumkin.
Joriy yilda Toshkent shahrida narxlar ikki marotaba — aprel hamda noyabr oylarida, mamlakatning qolgan hududlarida esa bir marotaba oshirildi.
“Keyingi yildan viloyatlarda ham narxlar ikki martadan oshiriladi. Chunki to‘lovlarni davlat tomonidan qoplab berishda juda katta subsidiya bor. Shuning uchun subsidiyadan qutilish va tizimni yangilash uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak”, — dedi Ilhom To‘rayev.
U, shuningdek, to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi. Buning uchun Koreya va qo‘shni davlatlar tizimi o‘rganilgan. Masalan, Koreyada uyning minimal issiqligini saqlab turish uchun abonent to‘lovi olinadi.
Xorij tajribasining har birini qayta ko‘rib chiqish orqali, to‘lovlarni yiliga bir yoki ikki marta, yoki umuman oshmasligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
“Biz tarif siyosatini to‘g‘ri yuritsak, shu asosda uning oshishi yoki oshmasligi hal bo‘ladi. Hozirda 2025-yilda narxlar ikki marta — 15%dan oshishi prognoz qilinmoqda”, — dedi To‘rayev.
Shu bilan birga, poytaxt uchun narxlar kelasi yilning bahorida ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi u.
Toshkent shahrida aholi va biznes uchun issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari narxi 15%ga oshirilishi ma’lum bo‘lgach, “Veolia Energy Tashkent” bunga izoh bergandi. Kompaniya buni “majburiy qadam” deb atab, aholi uchun yangi narxning joriy etilishi bazaviy tarifning 18%ini qoplashi qayd etildi.
Avvalroq yotoqxonalar va mahalliy qozonxonalar uchun gaz narxi pasaytirilgani haqida xabar berilgandi. Barcha hajm uchun to‘lov bazaviy tarif (bir kubometr uchun 650 so‘m) bo‘yicha amalga oshiriladi.