Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Perfectum” mobil aloqa operatorining ta’sischilar tarkibi o‘zgardi. Bunga Temurmalik Elmurodov e’tibor qaratdi.
Operatorning yuridik shaxsi hisoblangan “Rubicon Wireless Communication"ning ustav fondi 304,62 mlrd so‘mni yoki joriy yilning bahoridagi ko‘rsatkichga nisbatan 17,2 baravardan ko‘proqni tashkil etdi. Shu bilan birga, avvalroq yagona ta’sischisi bo‘lgan Abdumalik Iminov endi faqat 50% ulushga egalik qiladi.
Kompaniya ustav fondidagi 37,5% ulush “IMC-Capital"ga tegishli bo‘lib, u o‘z navbatida BAAda ro‘yxatdan o‘tgan “Berill Holding Company Limited” tomonidan to‘liq nazorat qilinadi. Operatorning yana 12,5% ulushini Kamron Akbarov olgan.
2020-yilda “Perfectum"dagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalari ochiqlandi. Joriy yilning mart oyida esa, uning 100% ulushi Iminovga o‘tganligi ma’lum bo‘ldi. Biroq bu ochiq manbalar yoki Davaktiv agentligining kanallari orqali rasmiy e’lon qilinmagan.
“IMC-Capital” “Perfectum"dagi ulushidan tashqari “UCMG” kompaniyasining 75%iga egalik qiladi. “UCMG” shu yilning iyul oyida Yagona umumrespublika protsessing markazi (“Uzcard” operatori), “ATTO” va “Plum Technologies” kompaniyalarida ishonchli boshqaruv huquqini olgan.
Avvalroq “Spot” Toshkentdagi “International” va “Lotte” mehmonxonalari jami $46 mlnga sotilgani haqida xabar bergandi.