Joriy yilning 3-dekabridan “Toshkent-Xojikent-Toshkent” yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi.
Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan davrda mamlakatda 3 ming kmdan ziyod temir yo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda turibdi. Miskin-Nukus yo‘nalishida ishlar davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida elektrlashgan yo‘l qurilishi natijasida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30%ga oshdi.
“Toshkent-Xo‘jakent” yo‘nalishidagi elektropoyezd vagonlaridagi o‘rindiqlar soni 586tani tashkil etadi, unda ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan.
Poyezd soatiga 120 kmgacha tezlikka chiqadi. Har bir tarafga kuniga 3tadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi. Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay ekanligi qayd etildi.
Davlat rahbari temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temir yo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tingladi.
Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlarni 2025-yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi.
Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temir yo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent-Xiva yo‘nalishida tezyurar poyezd qatnovi boshlangani haqidagi xabarlarni rad etgandi.