Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 5-dekabr kuni telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi $1 mlrddan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali ko‘paymoqda. “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda.
Turkmaniston davlat axborot agentligining xabar berishicha, muloqotda teng huquqli sheriklik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida Turkmaniston O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berayotgani qayd etilgan.
“Turkman xalqining milliy yetakchisi va qo‘shni qardosh davlat rahbari gaz sohasida hamkorlikdagi ishlarning samaradorligini qayd etib, uning uzoq muddatli xususiyatga egaligini ko‘rsatib o‘tdi va O‘zbekistonga turkman tabiiy gazini yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldilar”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma gaz loyihalarini amalga oshirishning istiqbollari qayd etildi.
Bundan tashqari, Turkmaniston tomoni Markaziy Osiyodagi suv muammosini hal etish borasidagi pozitsiyasini bildirgan. Xususan, mintaqadagi suv masalalari, xalqaro normalar, mintaqa mamlakatlari manfaatlari, suvdan erkin va adolatli foydalanishning xalqaro tamoyillari asosida hal etilishi kerakligi ta’kidlandi.
2022-yilning dekabr oyida Turkmanistondan O‘zbekistonga tabiiy gaz importi 1,5 mlrd kub metrga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, mamlakat sovuq havo tufayli O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi. 2023-yilning yanvar oyida gaz yetkazib berish qayta tiklandi.
Avgustga kelib, Ashxobod sammiti doirasida “Turkmangaz” va “UzGazTrade” o‘rtasida O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning bildirishicha, uning hajmi yiliga 2 mlrd kubometrni tashkil etadi.
Joriy yilning oktabr oyida Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Bunga “Turkmengaz” va “Gazprom"ning “narx-navo masalasida kelisha olishmagani” sabab bo‘lgan.