Avvalroq Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida keyingi yilgi vazifalar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

“O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida viloyatlardagi 1 299ta mahalliy sanoat korxonasini xatlovdan o‘tkazish uchun 128 nafar kishidan iborat 16ta ishchi guruhi tashkil etilganini ma’lum qildi.

Natijada 79ta korxona bir yilda qariyb $162 mlnlik importni tejovchi mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, ularga 700ga yaqin detallarni mahalliylashtirish topshirildi. Viloyatlarda imkoniyat yuqori ekanligi, bu orqali avtomobilsozlik korxonalari bo‘yicha importni kamaytirish mumkinligi qayd etildi.

Xususan, Rozuqulov “O‘zavtosanoat” elektrotexnika mahsulotlari, metall buyumlar hamda sun’iy charm kabi yo‘nalishlarning offtake-shartnomalariga tayyorligini bildirdi, bu importni yiliga $500 mlnga qisqartirish imkonini beradi.

“Yig‘ilishda tannarxni pasaytirish masalasi ham jiddiy muhokama qilindi. Bu yilning o‘zida 2,5 trln so‘mga yaqin turli yo‘nalishlar bo‘yicha tannarxni kamaytirish imkoniyatimiz mavjudligi haqida hisobot berdik. Detallarni mahalliylashtirish, alternativ yetkazib beruvchi korxonalarni jalb qilish hamda marshrutlarni takomillashtirish va ishlab chiqarishda xarajatlarni optimallashtirish yuzasidan erishiladigan natijalar ko‘rib chiqildi”, — dedi u.

Bundan tashqari, “O‘zavtosanoat” rahbari keyingi yilda Ozarbayjonda zavod ishga tushirish rejalashtirilganini qayd etdi. Bu orqali eksport salohiyatini oshirish mumkin. Bundan tashqari, joriy yilda birinchi marta Mo‘g‘uliston va Gruziyaga avtomobil eksporti amalga oshirildi.

Taqdimotda davlat rahbari ish joylarini tashkillashtirish masalasini yangi yondashuv asosida ko‘rib chiqishni topshirdi. Ishlab chiqarish korxonalari, butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilar bilan birga, oddiy joylarda ham texnik xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxonalarni jalb qilish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish masalasi ko‘rib chiqildi.

“Hozirgi paytda 2030-yilgacha bo‘lgan dastur taqdimotini qildik. Bevosita va bilvosita mashinasozlikka aloqador korxonalarda 1 mlngacha ish joylarini ta’minlab berishni maqsad qilganmiz”, — dedi Ulug‘bek Rozuqulov.

Rivojlanish strategiyasi doirasida kompaniya xorijiy avtomobilsozlik tajribasini o‘rganib, o‘z imkoniyatlarini hisob-kitob qilish orqali “Boston Consulting Group” (BSG) kompaniyasi bilan ishlashishni boshlagan. Bunda strategiyani yangilash va barcha omillar asosida takliflarni ishlab chiqarish belgilangan. Rozuqulov ikki oy ichida natijasi ma’lum qilinishini bildirdi.

Shuningdek, avtomobilsozlikda foydalanilmayotgan rezervlar katta ekanligi, prezident bu rezervlarni potensial ishlatish vazifasini topshirgani qayd etildi.

Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda avtomobil eksportini $700 mlnga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.