“Fly Khiva” xususiy aviakompaniyasi O‘zbekiston ichida yo‘lovchi reyslarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda “Flightradar24” portalida ma’lum qilindi.

6-dekabr kuni soat 13:45da Boeing 757−300 samolyoti Toshkentdan uchib, soat 14:47da Urganch xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Parvoz bir soatdan sal ko‘proq davom etdi.

Dushanba kuni aviatashuvchi “Icelandair” aviakompaniyasidan lizingga olingan birinchi Boeing 757−300 samolyoti kelganini ma’lum qildi. Kelajakda yana bir Boeing 757−300 yo‘lovchi borti kelishi kutilmoqda. Ikkala samolyotning yoshi ham 22dan oshgan.

“Fly Khiva” Toshkentdan O‘zbekistonning beshta shahri — Urganch, Nukus, Termiz, Farg‘ona va Samarqandga parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda.

Xorijiy yo‘nalishlar orasida Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Isroil, Gretsiya, Hindiston, Tailand, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Latviya bor. Dastlabki bosqichda “Fly Khiva” o‘zini charter tashuvchisi sifatida ko‘rsatmoqchi.

Samolyotlarda biznes (22 o‘rin) va ekonom (203 o‘rin) klassga bo‘linishi ko‘zda tutilgan. Yuklarni bepul tashish me’yori 23 kg, qo‘l yuklari esa 10 kgni tashkil etadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonidan uchayotgan yo‘lovchilarga o‘zlari bilan qo‘shimcha 5 kg olib yurishga ruxsat beriladi.

“Fly Khiva” aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan. Urganchda joylashgan mahalliy aviakompaniya “Fly Khiva Group” tarkibiga kiradi.

2022-yilning aprelida aviakompaniya “Azal Azerbaijan Airlines” bilan hamkorlikda Bokudan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi.

Joriy yil yanvar oyida aviakompaniya o‘zining birinchi samolyotini oldi. “Icelandair"dan lizingga olingan “Boeing 767” yuk samolyoti Dubay, Istanbul, Dehli va Gonkongga parvoz qilmoqda.

Avvalroq “Spot” Urganch aeroportini boshqarish uchun tenderga besh nafar talabgor kiritilgani haqida yozgandi.