Joriy yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $41,5 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Ketma-ket ko‘tarilishdan keyin noyabr oyida mamlakatning xalqaro aktivlari qiymati $1,7 mlrdga yoki qariyb 4%ga pasaydi.
Xususan, oltin zaxiralarining qiymati $623 mlnga — $33,4 mlrddan $32,7 mlrdgacha pasaydi. Biroq, oltinning fizik hajmi biroz ko‘payib, 12,3 troya unsiyani tashkil qildi.
Erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutadagi aktivlar hajmi $1,04 mlrd kamayish bilan, noyabr oyida $8,2 mlrd bo‘lgan.
Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi ham $1,04 mlrdga pasayib, $8,08 mlrdni tashkil etdi. Shundan $370,1 mlni boshqa markaziy banklar va XVJda, qolgan $7,7 mlrdi esa boshqa xorijiy moliya institutlarida saqlanadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati bir oy ichida biroz oshdi — $101,3 mln.
Markaziy bankning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi chorakda tartibga soluvchi organ tomonidan oltin xaridi 12%ga o‘sgan. O‘z navbatida, Jahon oltin kengashi (WGC) O‘zbekistonning qimmatbaho metalni sotishdan uni sotib olishga o‘tganini ta’kidlagandi.