Germaniya rekruting kompaniyasi o‘zbekistonliklarni o‘qish va ishga jalb qiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik rahbariyati va Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal o‘lkasida joylashgan “Askania Future GmbH” rekruting kompaniyasi boshqaruvchisi Ingo Jung ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
“2025-yilda kompaniyamiz orqali 500 nafardan 1000 nafargacha yoshlarni ausbildungga yuborishni reja qilganmiz. Shu bilan birga, mahalliy o‘qituvchilarning Germaniyada malakasini oshirish barobarida bu yerda nemis tili kurslari soni va sifatini ko‘taramiz”, — dedi Ingo Jung.
Kompaniya mamlakat yoshlarini mexatronika hamda elektrik yo‘nalishlarida “Ausbildung” dasturi asosida, mehmonxona va gastronomik sohalar bo‘yicha esa to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga taklif qilmoqda.
Agentlikning qayd etishicha, joriy yil oxirigacha 10 nafar fuqaro Germaniyadagi mehmonxonalarda ish boshlashi kutilmoqda. Tomonlar boshqa tashkiliy masalalarni ham muhokama qildi.
Bundan tashqari, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) mas’ullari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston hududlarida xorijiy tillarni, xususan nemis tilini o‘rganayotgan yoshlar soni ortib borayotgani ta’kidlandi.
“Biz GIZ sifatida O‘zbekistonda professional hamshiralarni nemis standartlari asosida tayyorlashni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi tashkilot loyiha boshqaruvchisi Margarete Post.
Germaniyada tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligidan kelib chiqib, Samarqand shahridagi Tibbiyot texnikumida GIZ va Migratsiya agentligi ko‘magida yangi pilot loyiha yo‘lga qo‘yiladi.
Uning doirasida dastlabki bosqichda 50 nafar ishtirokchi saralab olinib, tibbiyot texnikumida parallel ravishda nemis tilini o‘rganadi va B2 darajaga chiqadi.
Sentabr oyida sobiq Bandlik vazirligi, hozirda Migratsiya agentligi rahbari Bekzod Musayev joriy yilda O‘zbekistondan 800dan ortiq hamshiralar tashkiliy ravishda Germaniyaga yuborilishini, 400 nafari ketishganini ma’lum qilgandi.
“Globogate Concept AG” konserni ishtirokida Aaxen universitet klinikasi bilan Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi 1-respublika tibbiyot texnikumi bazasida tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi. “Deutsche Bahn” bilan temir yo‘llari uchun mutaxassislar tayyorlanadi.