Energetika vazirligi ob-havo keskin sovigan kunlarda aholini uzluksiz energiya resurslari bilan ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan zarur choralar haqida ma’lum qildi.
Mamlakat hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Aholining tabiiy gaz bo‘yicha kunlik iste’moli o‘tgan haftadagiga nisbatan 20%, elektr energiyasi iste’moli esa 15%ga ortgan.
Bunday vaziyatda tizim korxonalari tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarni tezkor hamda sifatli tashkil qilish, iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida tizimda doimiy ravishda zarur choralar ko‘rib borilmoqda.
Jumladan, sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tun-u kun faoliyat yuritadigan 1 600dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etildi hamda ular kerakli avtotransport vositalari va zaxira qurilmalari bilan to‘liq ta’minlandi.
Elektr ta’minoti korxonalariga 877ta avtotransport hamda 450ta maxsus texnika, gaz ta’minotiga — 220ta avtotransport va 259ta maxsus texnika biriktirilib, 567ta payvandlash apparati bilan ta’minlangan.
Aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha soha obyektlarida 24 soatlik ish rejimiga o‘tilgan bo‘lib, joylarda ishlarning borishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Sodir bo‘lgan avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilib, bu jarayonning o‘rtacha vaqti o‘tgan yildagi 3−3,5 soatdan joriy yilda 1−1,5 soatgacha qisqartirildi.
Shuningdek, oldingi yillarda generatsiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi.
Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, mamlakat gaz transport tizimi obyektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yer osti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.
Hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, iste’mol yuqori bo‘lgan ayrim hududlardagi AGTKShlar faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bu birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini (tibbiyot, maktab, bog‘cha, OTMlari va boshqalar) tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida orqali ma’lumot beriladi.
Aholiga yonilg‘i quyish, gaz to‘ldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn ma’lumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Avto24” ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni onlayn rejimda olish mumkin.
Shuningdek, elektr ta’minoti bo‘yicha savollarni 1154 qisqa raqami yoki “Telegram"dagi @HET_admin mazniliga, gaz ta’minoti bo‘yicha esa 1104 va 104 qisqa telefon raqamlari yoki “Telegram"dagi “@hududgaz_murojaat_bot"ga jo‘natish mumkin.
Noyabr oyida qish mavsumida iste’molchilarga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish hisob-kitob qilingani haqida ma’lum qilingandi. Davlat rahbari mutasaddilarga ishni tuman va mahallalar miqyosida tashkil etib, energiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni joyida hal qilish, talab va iste’molni muvofiqlashtirib, uzilishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida noyabr oyida sovuq tufayli gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshganini, havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan holatlar uchun harakat rejasi ishlab chiqilganini qayd etdi.