O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport imtiyozlarini yana 10 yilga uzaytirishni taklif qildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
4−5 dekabr kunlari vazirlik delegatsiyasi birinchi marta Bryusselda Yevropa Ittifoqining GSP+ Preferensiyalar imtiyozlar tizimini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomoni 2021-yilda mamlakat benefitsiar maqomini olganidan buyon GSP+ doirasidagi ishlar natijalarini taqdim etdi.
Bu davr mobaynida O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qariyb uch baravar oshib, $1,15 mlrdga yetdi. Shuningdek, 6,2 mingdan ortiq imtiyozi tovar turidan 1,1 mingdan ortig‘i, jumladan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Eksport salohiyatini yanada oshirish uchun O‘zbekiston quyidagilarni taklif etadi:
- GSP+ doirasida imtiyozli tovarlar ro‘yxatini yangi uzilgan meva va sabzavot mahsulotlari bilan kengaytirish;
- yetkazib berishning barqarorligini ta’minlash maqsadida mavsumiy eksport kvotalarini qayta ko‘rib chiqib, muddatini uzaytirish;
- erishilgan natijalarni mustahkamlash va Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun GSP+ imtiyozli rejimi amal qilishini yana 10 yilga uzaytirish.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston tovarlarining Yevropa bozoriga chiqish shartlarini yaxshilash masalalarini ko‘rib chiqdilar. Bular qatorida prokatlangan metall mahsulotlari uchun import kvotalarini qayta ko‘rib chiqish va mahalliy mahsulotlarni Yevropa standartlariga moslashtirish uchun YeI tomonidan texnik ko‘mak jalb qilish bor.
2023-yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning GSP+ imtiyozlar tizimiga a’zoligini 2027-yilgacha uzaytirdi. 6 200ta tovarning bojsiz olib kirilishi tufayli mahalliy eksportchilar 28 mln yevroni iqtisod qilishdi.
Avvalroq AQSh O‘zbekiston uchun savdo preferensiyalarini yangilashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.