Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarovning tegishli qarori bilan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi uchun yer ajratildi. Bu haqda “24kg” nashri xabar berdi.

Hujjat xalqaro loyihani amalga oshirish uchun Jaloloboddagi yerlarni o‘zgartirishni nazarda tutadi. Buning uchun qishloq xo‘jaligi va suv fondi yerlari “sanoat, transport, aloqa, energetika, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar” toifasiga o‘tkaziladi.

Xususan, loyiha doirasida jami 44,29 gektar yer ajratish belgilangan bo‘lib, mazkur yerlarning 36,55 gektarini sug‘oriladigan, 7,54 gektarini lalmi yerlar hamda 0,2 gektarini botqoqlik tashkil etadi.

Jalolobod shahar hokimligiga yer-hisob hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, xususiy mulk yerlarini Qishloq xo‘jaligi yerlari davlat jamg‘armasidan teng qiymatli uchastkalarga ayirboshlashni ta’minlash hamda shaharsozlik hujjatlarini qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlash topshirildi.

Uch tomonlama temir yo‘l loyihasi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shundan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.

Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lning qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi. Noyabrga kelib, Qirg‘iziston hukumati loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi.

YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkin. Bank O‘zbekiston Transport vazirligi bilan loyiha doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Avvalroq Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlar renovatsiya dasturiga kiritilishi haqida xabar berilgandi.