Yangi yil bayramida Toshkentdagi avtobuslar qanday ishlashi ma’lum qilindi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekitonliklar Yangi yil bayramida necha kun dam olishi belgilangan. Xususan, 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari 14-dekabr, shanba kunidan 30-dekabr dushanba kuniga ko‘chiriladi.

6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30-dekabr dam olish kuni hisoblanadi. Ish haftasining turidan qat’i nazar esa, barcha xodimlar uchun 31-dekabr, seshanba kuni qo‘shimcha dam olish kuni hisoblanadi.

Yanvar oyining dastlabki kunlaridagi dam olish kunlari 2025-yildagi qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash bo‘yicha davlat rahbarining farmoni bilan ma’lum bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, avtobus saroylariga biriktirilgan avtobus yo‘nalishlarining faoliyati 14-dekabrda ish kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida, 30−31 dekabr kunlari esa yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida tashkil etiladi.

Noyabr oyida poytaxt jamoat transportida yo‘lkira haqining cheklangan tariflarini joriy etishni nazarda tutuvchi poytaxt hokimining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Bunda cheklangan tarif 3 ming so‘mni, elektron to‘lov esa 1 700 so‘mni tashkil etadi. Elektron to‘lovlar uchun kunlik va oylik tariflarga qo‘shimcha ravishda qatnovlar sonidan kelib chiqib, ko‘p martali tarif rejalari ishlab chiqiladi. Muhokama bugun, 10-dekabr kuni yakunlanishi kerak.

1-yanvardan boshlab, poytaxtdagi avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun bekatlar yaqinidagi infokiosklar orqali bir martalik chipta xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Oktabr oyida Toshkentda avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalari haqida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qilgandi. Chiptalarni o‘qish uchun barcha avtobuslarga maxsus moslamalar o‘rnatilishi aytilgan.