Zafar Abdumahidovich Azimov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Bungacha u 2021-yildan buyon Xalq banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, “UzA"ning ma’lum qilishicha, Biznesni rivojlantirish banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, avvalroq boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan Alisher Akmalovich Muratov Bandlik vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

U bu lavozimda 2023-yilning oktabridan — “Qishloqqurilishbank” negizida “Biznesni rivojlantirish banki” tashkil etilganidan buyon faoliyat yuritib kelgan.

Joriy yilning sentabr oyida Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlagan Botir Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri etib tayinlangandi.

Sobiq vazir Bekzod Musayev esa prezidentning oktabr oyidagi tegishli farmoni bilan hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilgan Migratsiya agentligi rahbar etib belgilandi.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasining a’zolari tayinlangani haqida xabar berilgandi.