Kolumbiya okrugi bo‘yicha AQSh apellyatsiya sudi “TikTok” egasi — Xitoyning ByteDance kompaniyasidan mamlakatda xizmatni sotishni talab qiladigan qonunni qo‘llab-quvvatladi, aks holda u bloklash xavfi ostida qoladi. Bu haqda “Financial Times” xabar bermoqda.

Sud qonunning konstitutsiyaviyligini tasdiqladi va u Birinchi tuzatishda ko‘zda tutilgan so‘z erkinligi himoyasini buzmasligi haqida xulosaga keldi.

Biroq “TikTok” bunga qarshi chiqdi. Kompaniya ushbu qaror yuzasidan Oliy sudga shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.

2024-yil aprel oyida o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Jo Bayden imzolagan qonunga binoan, “ByteDance” kompaniyasiga AQShdagi o‘z video xizmatini sotish uchun to‘qqiz oy muddat berilgan.

Prezident “rivojlanish” ko‘rsa, bu muddatni yana uch oyga uzaytirishi mumkin. Hukumat organlari ushbu xizmat milliy xavfsizlikka tahdid soladi deb hisoblaydi.

Agar kompaniya bitimga kirishni istamasa, xizmat bloklanadi. “TikTok"ning aytishicha, ilovani sotish “tijoriy, texnologik va yuridik jihatdan mumkin emas”.

Xususan, xizmatning muvaffaqiyati uning tavsiya qilish algoritmiga bog‘liq, Xitoy hukumati esa ushbu texnologiyalarni sotishga qarshi.

“The New York Times” gazetasi yozishicha, bu qaror noyabr oyida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp oldiga “yangi savollarni qo‘ymoqda”.

Gazeta ta’kidlashicha, saylovoldi kampaniyasi davomida u ilovani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, uning aniq “qutqarish” rejasi mavjud emas.

Joriy yil mart oyida AQSh Kongressi vakillar palatasi Amerika hududida “TikTok” ilovasini taqiqlashga olib kelishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini ma’qullagandi.

Qonun loyihasida “TikTok"ga egalik qiluvchi Xitoyning “ByteDance” kompaniyasi servisdagi ulushini sotishi kerakligi ko‘rsatilgan.

TikTokning bloklanishi

AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni “TikTok"ni blokirovka qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Tegishli qonun loyihasi 13-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan. Kongressmenlarning fikricha, xitoylik kompaniya tomonidan amerikalik foydalanuvchi ma’lumotlarining to‘planishi milliy xavfsizlikka tahdid soladi.

“Ushbu qonun 2025-yil 19-yanvargacha “TikTok"ni cheklab, platformadan muloqot qilish uchun foydalanadigan 170 mln amerikalikning ovozini o‘chiradi”, deydi “ByteDance” vakillari.

“TikTok” kompaniya amerikalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini baham ko‘rganini yoki bo‘lishishni rad etadi va AQSh qonun chiqaruvchilarini “spekulyativ” xavotirlarni ko‘tarishda ayblaydi, deya ta’kidlaydi “Reuters”.

Avvalroq Qirg‘izistondagi internet-provayderlar “TikTok"ga kirishni cheklay boshlagani haqida xabar berilgandi.

Bunga mamlakatda bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qonunga rioya yetmagani asos bo‘lgan.

Keyinchalik Qozog‘iston ham “TikTok"ni blokirovka qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mamlakat madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva platforma orqali firibgarlik, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bezorilik holatlari ko‘payganini qayd etdi.