Tokio hukumati 2025-yil aprel oyidan boshlab davlat muassasalari xodimlari uchun to‘rt kunlik ish haftasini joriy qilishni boshlaydi. Bu haqda “CNN” nashri xabar bermoqda.

Tokio gubernatori Yuriko Koike siyosiy masalalar bo‘yicha chiqishida yangi tashabbusni e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlar bolalar tufayli karyeradan voz kechishga majbur qilmaslikka qaratilgan.

4 kunlik, ish haftasi, tokio

“Hozirgi paytda Tokio mamlakatimiz uchun bu murakkab davrda fuqarolarimizning hayotini, farovonligini va iqtisodiyotini himoya qilish va yaxshilash uchun tashabbusni o‘z zimmasiga olishi kerak vaqt keldi,” deya u qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, farzandlari boshlang‘ich maktabning quyi sinflarida tahsil olayotgan ota-onalar uchun ish haqi kamaytirilgan holda qisqartirilgan ish kuni imkoniyati joriy etilmoqda.

Joriy yilning iyun oyida Yaponiyada tug‘ilish darajasi yana bir rekord past darajaga tushdi — tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayolga 1,2 nafar bolaga qadar pasaydi. Aholining hozirgi sonini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan eng kam ko‘rsatkich 2,1 bolani tashkil etadi.

Sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, tug‘ilish darajasining pastligining asosiy sabablaridan biri qat’iy mehnat madaniyati va turmush qiymatining oshishi hisoblanadi. Uzoq ish soatlari hamda martaba va oila o‘rtasidagi tanlov bilan bog‘liq bosim farzand tarbiyasini ayniqsa mushkul qilmoqda.

Dunyodagi to‘rt kunlik ish haftasi

Yaqinda Islandiyada ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish haftasi ijobiy natija ko‘rsatdi. Xodimlar ish jadvalidan ko‘proq mamnunlik va shaxsiy hayotlarida stressning kamayganini ta’kidladilar.

Xuddi shunday tajriba oktyabr oyi oxirida Germaniyada yakunlandi, unda dasturda ishtirok etgan kompaniyalarning 73%i to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. O‘tgan yili muvaffaqiyatli sinovdan so‘ng 56ta Britaniya kompaniyasi ham qisqartirilgan ish jadvalini joriy etishga qaror qildi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada ming nafar xodim to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tkazildi. Tajriba doirasida ishtirokchilar ish haqini kamaytirmasdan bir kun kam ishlaydilar.

“Spot” O‘zbekistonda to‘rt kunlik ish haftasini joriy etish imkoniyati haqida biznes vakillari fikrlarini keltirdi.


Avvalroq “Spot” Senat XMTning haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishni ma’qullagani haqida yozgandi.