“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50%gacha chegirma e’lon qildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarda foydalanishlari mumkin.

Chegirma joriy yilning 23-dekabridan boshlab, kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan aviaqatnovlarning ekonom-klas toifasidagi chiptalar uchun amal qiladi.

Aviachiptalarni kompaniya saytidan, aviakompaniya agentlaridan hamda “Uzbekistan Airways Sales” filialidan xarid qilish mumkin. Buning uchun davlat muassasasida o‘qishni tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.

Joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar etib belgilangan. Bu OTMi talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.

15-dekabrdan Toshkentdan Samarqandga qo‘shimcha “Afrosiyob” poyezdi yo‘lga qo‘yiladi. Qatnovlar 15−31 dekabr hamda 3−12 yanvar kunlari oralig‘ida haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Avvalroq “Fly Khiva” Toshkentdan Urganchga birinchi yo‘lovchi reysini amalga oshirgani haqida xabar berilgandi. O‘tgan haftada xususiy aviatashuvchi birinchi Boeing 757−300 samolyotini qabul qilib oldi.