Qoraqalpog‘iston va Samarqandda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Taxtako‘pir va Mo‘ynoq tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Unda fuqarolar D.E. va A.A. o‘zlarining yashash xonadonlarida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga hisoblagichdan tashqari o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 246,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Ishtixon va Urgut tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, fuqaro N.I. va “Q.M.” xususiy korxonasi rahbari M.S. suv nasosi va boshqa elektr jixozlarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulab olgan.

Buninga natijasida esa jami 113,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Toshkentda metalni qayta ishlash zavodi 26,9 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani haqida yozgandi.

Xususan, zavodning elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.