10-dekabr kuni davlat rahbariga oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2025-yilgi rejalar bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yil mamlakatda 9 mln tonna don, 3 mln tonnadan ortiq paxta, 16 mln tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 mln tonna meva va uzum, 4 mln tonna kartoshka, 15 mln tonnadan ko‘p go‘sht va sut yetishtirildi. Oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 343ta loyiha ishga tushirildi.

So‘nggi yillarda qandolat mahsulotlari eksporti 4 karra oshib, $13 mlnga yetgan. Xomashyo, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelinib, tannarx 20%ga kamaygani tufayli raqobatdoshlik ancha oshgan. Bu imtiyozlar muddati 2025-yilda tugaydi. Ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur muddatni yana 2 yilga uzaytirish taklifi ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistonda xomashyo kamligi uchun yog‘-moy sanoatida ochilgan 408ta korxona har doim to‘la quvvatda ishlamayotgani qayd etildi. Yog‘-moy eksportiga ruxsat berilsa, ishlab chiqarish 120 ming tonnaga oshib, 240 ming tonna ozuqa yem tayyorlanishi hisob-kitob qilingan. Bosh vazir o‘rinbosariga bozor talablaridan kelib chiqib, bu borada taklif kiritish topshirildi.

Mamlakatda “halol” sertifikatiga ega milliy brend korxonalari ko‘payib, mintaqa va arab davlatlariga go‘sht mahsulotlari eksport qilayapti. Lekin kolbasa mahsulotlarini saqlashning standart muddati 3 oy etib belgilangan. Xorijdagi iste’molchiga yetib borguncha 2 oy ketayapti. Go‘sht mahsulotini saqlash muddati Yevropa standarti kabi 4−12 oyga oshirilsa, ishlab chiqarish va eksport hajmini 2 karra ko‘paytirish imkoniyati ochiladi. Shuning uchun bu boradagi standartlarni xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ularni tahlil qiladigan laboratoriyalar tashkil etish zarurligi aytildi. Shundan kelib chiqib, ushbu mahsulotlarning tabiiy yoki quruq sutdan tayyorlangani to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.

Mamlakatda salqin va alkogolsiz ichimliklar, meva-sabzavotdan tabiiy sharbat ishlab chiqarish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. So‘nggi 5 yilda ularning eksporti 9 barobar oshib, $35 mlnga yetdi. Lekin mamlakatda yo‘q tropik mevalar konsentratiga boj qo‘yilgani uchun boshqa davlatlar mahsulotlari bilan raqobatda yutqazmoqda. Shu bois tropik mevalar konsentratlarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi bildirildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida sohadagi tadbirkorlar bilan olib borilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik haqida axborot berdi. Prezidentimiz kelgusi yilda bu ishlarning sifatini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq organik maydonlar yaratgan fermerlarning ayrim xarajatlari qoplab berilishi ma’lum qilingandi. Prezident qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligini ta’kidladi.